Kavkaz yangi qarama-qarshilikni ko‘tara olmaydi – Erdo‘g‘an 

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Baku va Moskva o‘rtasidagi keskinlik fonida Anqaraning pozitsiyasini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 5 iyul kuni Ozarbayjon safaridan qaytayotganda samolyotda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Bizning eng katta istagimiz – bu qayg‘uli hodisalar ikki mamlakat munosabatlariga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazmasligi. Mahalliy kelishmovchiliklarni yuzaga kelgan vaziyat doirasida hal etish mumkin, bu borada xotirjamlikni saqlash nihoyatda muhim”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning fikricha, har ikki mamlakat ushbu inqirozni yengib o‘tish uchun yetarli donolik va tajribaga ega. Turkiya esa bu borada mojaroni yumshatish uchun tashlanayotgan konstruktiv qadamlar tarafdori.

“Kavkaz mintaqasi yangi qarama-qarshilikni ko‘tara olmaydi”, deydi u.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha muzokara o‘tkazganini aytgan. U Aliyevning vaziyatga ehtiyotkorlik va vazminlik bilan yondashayotganini, murosaga tayyorlikni saqlayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar iyun oxirida Yekaterinburgda bir guruh ozarbayjonliklarning hibsga olinishi ortidan keskinlashdi. Ular 2001, 2010 va 2011 yillarda sodir etilgan ikki qotillik va bir suiqasd bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan. Bir nechta shaxslar hibsda qolmoqda.

Shuningdek, ikki gumonlanuvchi tergov jarayonida vafot etgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ulardan biri yurak yetishmovchiligidan vafot etganini bildirgan, ikkinchisining o‘limi bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynoq qo‘llash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Shundan so‘ng, Baku shahrida “ Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlari ham hibsga olindi. Ularning bir qismi keyinroq qo‘yib yuborildi, biroq ijrochi direktor Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va pul yuvishda ayblanib qamoqqa olingan. Agentlik faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. Dastlab ularga Rossiya vakillarining uchrashuviga ruxsat berilmagan, keyinchalik Baku bunga ijozat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

OSZAR »